Sud huquq tizimi-islohotlarning yangi bosqichi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan harakatlar strategiyasiga muvofiq, keyingi tо‘rt yilda sud-huquq sohasini isloh qilish borasida 40 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. О‘tgan davrda sudlar tuzilmasi zamon talablariga mos ravishda takomillashtirildi. Viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik, jinoyat ishlari bо‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda viloyat darajasidagi umumyurisdiksiya sudlari tashkil qilindi.
Sud tizimida gender tenglikni ta’minlash , ayollarning sud-huquq sohasidagi mavqeini oshirish, xususan ayol sudyalarni qо‘llab quvvatlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Inson huquqlarining ishonchli himoyasini ta’minlash maqsadida sud qarorlarini qayta kо‘rish instituti takomillashtirildi. 2017 yilga qadar 6 sud instansiyasida sud qarorlari qayta kо‘rib chiqilgan bо‘lsa, keyingi yillarda bu instansiyalar soni uchtaga qisqardi. Xalqaro standartlarga mos ravishda uch bosqichli sud tizimi yaratilib, birinchi instansiya, apellyatsiya va kassatsiya instansiyalaridan iborat bо‘lgan “Bir-sud bir instansiya” tamoyili joriy qilindi.
Sudlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash eng muhim vazifalardan biri bо‘lib, bu borada ham muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi. Sudlar faoliyati haqida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilish maqsadida har chorakda viloyat sudlari raislari va ularning о‘rinbosarlari tomonidan brifinglar о‘tkazish amaliyot yо‘lga qо‘yildi. Sudlar tomonidan qabul qilingan qarorlar Oliy sudning veb saytida muntazam ravishda e’lon qilib borilmoqda. Ayniqsa, odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini osonlashtirish hamda bu borada shaffoflikni oshirishga qaratilgan elektron tartib-taomillar bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etilayotgani muhim ahamiyatga ega.
Sud-huquq sohasidagi islohotlar mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuziga, jumladan, sud mustaqilligi, qonun ustuvorligi va odil sud samaradorligini bо‘yicha xalqaro reytinglarda О‘zbekistonning nufuzini oshishiga ham munosib hissa qо‘shmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisga taqdim etilgan Murojaatnomasida “Adolat bu davlatchilikning mustahkam poydevoridir. Adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda esa sud hokimiyati hal qiluvchi о‘rin egallaydi” degan fikrlarini sud sohasidagi islohotlarning samarali amalga oshirilishi nechog‘li ahamiyatga ega ekanligini yaqqol tasdiqlaydi.
Shu о‘rinda sud tizimining yangi bir sohasi, ma’muriy sudlar haqida tо‘xtalib о‘tmoqchiman. 2021 yil 1 yanvardan sud tizimining ushbu sohasida katta islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, tuman(shahar)lardagi ma’muriy sudlar tugatilib, viloyat markazlarida tumanlararo ma’muriy sudlar tashkil qilinib, ma’muriy sudlarning ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni kо‘rish vakolati, tuman(shahar) jinoyat ishlari bо‘yicha sudlarga о‘tkazildi. Tashkil etilgan tumanlararo ma’muriy sudlari va viloyat ma’muriy sudlari ommaviy huquqiy munosabatlarga oid nizolarni kо‘rishga ixtisoslashtirildi.
Ommaviy huquqiy munosabatlarning asosiy xususiyati sifatida unda ishtirok etuvchi tomonlarning biri bо‘lib, davlat hokimiyati subyektining ishtirok etishi belgilangan. Shu bilan birga, ommaviy huquqiy munosabatlarning subyektlari sifatida bir tomonda jismoniy va yuridik shaxslar, ikkinchi tomonda davlat organlari bilan bir qatorda hokimiyat vakolatlariga ega bо‘lgan subyektlar, masalan fuqarolarning о‘zini-о‘zi boshqarish organlari va ularning mansabdor shaxslari bо‘ladi.
2018 yil 25 yanvarda qabul qilingan О‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish tо‘g‘risida kodeksining 26-moddasiga binoan, Ma’muriy sudga fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tо‘g‘risidagi, ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar taalluqlidir.
Fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining buzilishi yoki ushbu sohadagi nizoda ikkinchi tomon sifatida davlat boshqaruvi organlari, ma’muriy huquqiy faoliyatini amalga oshirishga vakolatli bо‘lgan boshqa organlar, fuqarolar о‘zini о‘zi boshqarish organlari va ularning mansabdor shaxslari namoyon bо‘ladi.
Ma’muriy sudlarning xorijiy davlatlardagi faoliyatiga nazar solsak, 150 yillik tarixga ega bо‘lgan Germaniya ma’muriy sudi 19 asrda yangi shakllanib kelayotgan burjuaziyaning monarx hokimiyatini cheklash uchun tuzilganligini kо‘rish mumkin. Ma’muriy organlar monarx qо‘lida, ya’ni bо‘ysunuvida bо‘lgan. Burjuaziya ma’muriy organlarning parlament tomonidan qabul qilingan qonunlarga asosan faoliyat yuritishini talab qilgan. Ayni shu holat qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilgan. Mustaqil ma’muriy sudlar ma’muriy organning qonunlarga rioya qilishini sud tartibida nazorat qilgan.
Xulosa о‘rnida xalqaro tajribalardan kelib chiqib, shuni aytish mumkinki mamlakatimizda 2017 yilda ma’muriy sudlarning tashkil etilishi va 2021 yilda bu sohani takomillashtirilishi mamlakatimizda fuqarolar va yuridik shaxslarning himoyasini kafolati bо‘lib xizmat qiladi.
Qashqadaryo viloyat ma’muriy
sudining sudyasi Bahriddin Axmedov