Qashqadaryo viloyat sudya va sud xodimlariga “Adolat” axborot tizimlari hamda Interaktiv xizmatlardan foydalanish bо‘yicha trening bо‘lib о‘tdi

      Bugungi kunda mamlakatimizda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini sudlar faoliyatiga joriy etish va  sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish, sudlar va boshqa idoralar о‘rtasida ma’lumot almashinuvini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa odil sudlovni amalga oshirish, sudlar faoliyatini ochiqligi va shaffofligi, tezkorligini ta’minlashda, shuningdek, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga о‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishni erkinlashtirishda, aholining sudga bо‘lgan ishonchini oshirishga yordam berida.

      О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 sentabrdagi “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida”gi PQ-4818-sonli Qarorida ham sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish, sudlar va boshqa idoralar о‘rtasida ma’lumot almashinuvini yaxshilash yuzasidan bir qator muhim topshiriqlar berilganligi ham bu yо‘nalish hozirgi kunda dolzarb ekanligini anglatadi.

      Sudlarga “Adolat” axborot tizimlari kompleksi hamda Interaktiv xizmatlar portalidan (my.sud.uz) foydalanish bо‘yicha bilim va kо‘nikmalarini oshirish bо‘yicha joriy yilning 29 may kuni Qashqadaryo viloyat iqtisodiy sudi binosida hududiy trening bо‘lib о‘tdi.

Ushbu trening О‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSH Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) va BMT TD “О‘zbekistonda qonun ustuvorligi yо‘lida hamkorlik” qо‘shma loyihasi menedjeri boshchiligida о‘tkazilib, trening о‘tkazilishidan asosiy maqsad sud raislari, sudyalar va sud xodimlarining “Adolat” axborot tizimlari kompleksi, uning tarkibiga kiruvchi axborot tizimlari va resurslari, ma’lumotlar bazalari, xizmat va modullardan hamda Oliy sudning interaktiv xizmatlar portalida ishlash tartibi va ahamiyati yuzasidan keng tushuntirishlar berish orqali sud xodimlarini bilim va kо‘nikmalarini yanada oshirishdan iborat.

      Bundan tashqari, treningda О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 sentabrdagi “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida”gi PQ-4818-sonli Qaroriga asosan:

      2021 yil 1 yanvardan boshlab barcha sudlarda sud majlislarini ish bо‘yicha taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audio yozuvdan foydalangan holda qayd etib borish hamda sud majlislari bayonnomalarini ushbu tizimdan foydalangan holda shakllantirish;

      2021 yil 1 iyuldan boshlab apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ishlarni sudyalar о‘rtasida avtomatik ravishda taqsimlash;

      2021 yil 1 oktabrdan boshlab barcha ishtirokchilarni sud majlislarining vaqti va joyi haqida «SMS» xabar orqali bepul asosda xabardor qilish;

      2022 yil 1 yanvardan boshlab sud qarorlarini ish bо‘yicha taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi bо‘yicha esa qog‘oz shaklida taqdim etish;

      2022 yil 1 iyulga qadar sud hokimiyati organlari faoliyatida, shu jumladan fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga odil sudlovga erishishda qulaylik yaratish maqsadida 10 ga yaqin interaktiv xizmatlar kо‘rsatishni yо‘lga qо‘yish;

      2023 yil 1 yanvardan boshlab sud ishlarini davlat arxiviga elektron shaklda topshirish va qabul qilish;

      sudlar, Sudyalar oliy kengashi hamda Sudyalar oliy maktabida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini yanada yaxshilash kabi 2020 ― 2023 yillarda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish dasturi va uning ahamiyati yuzasidan ham tushuntirishlar berib о‘tildi.

      Trening sо‘ngida yuqoridagi masalalar hamda sudlar faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni joriy etishda yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklar yuzasidan savol-javoblar bо‘lib о‘tdi.