Korrupsiyaga qarshi kurashish bо‘yicha 2021-2022-mо‘ljallangan davlat dasturining ahamiyati haqida
Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashishning ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan tizimini joriy etish bо‘yicha izchil choralar kо‘rilmoqda.
Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta’minlash hamda mansabdor shaxslarning aholi oldidagi hisobdorligini yо‘lga qо‘yish orqali davlat boshqaruvida samarali va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Ilk bor korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va tizimli tahlil qilish, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf qilish uchun mas’ul bо‘lgan alohida organ – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Davlat hokimiyati organlari va yirik xо‘jalik yurituvchi subyektlarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yо‘lga qо‘yilmoqda.
Raqamli texnologiyalar imkoniyatidan keng foydalangan holda transport vositalariga davlat raqam belgilarini berish, notariat va boshqa davlat xizmatlarini kо‘rsatish, yer uchastkalarini ajratish, yо‘l harakati qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish kabi kо‘plab sohalarda korrupsiya va suiiste’molchiliklarning oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlar joriy etilmoqda.
Shu bilan birga, kо‘rilayotgan tizimli choralarga qaramasdan, byudjet mablag‘laridan foydalanish, davlat xaridlari, kapital qurilish, litsenziya va ruxsatnomalarni olish, bank kreditlarini ajratish, ishga qabul qilish kabi yо‘nalishlarda korrupsiya holatlari saqlanib qolmoqda.
О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bо‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida”gi Farmoni bilan korrupsiyaga qarshi kurashish bо‘yicha 2021-2022 yillarga mо‘ljallangan davlat dasturi tasdiqlandi.
Davlat dasturida quyidagi vazifalarni bajarish nazarda tutilgan, ya’ni: Davlat fuqarolik xizmatiga ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish hamda xodimlarning kasbga oid sifatlari va alohida xizmatlari (meritokratiya tamoyili) asosida xizmat pog‘onalarida kо‘tarilishi, davlat xizmatchilarini ijtimoiy himoya qilishning shaffof mexanizmlarini joriy etish hamda ularning aniq vazifalarini belgilash;
Davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksini qabul qilish;
Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri yuritilishini yо‘lga qо‘yish;
Davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish;
Davlat organlari faoliyatida korrupsiyaviy xavflarni baholash elektron tizimini yaratish;
Korrupsiyaning oldini olish va uning fuqarolik-huquqiy oqibatlarini bartaraf etishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish.
О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 7 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qо‘shimcha chora tadbirlar tо‘g‘risida”gi Qarori bilan О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi «Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bо‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida»gi PF-6257-son Farmoniga muvofiq hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bо‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishini samarali tashkil etish maqsadida, 2021 yil 1 sentabrdan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarda (keyingi о‘rinlarda – davlat organlari va tashkilotlari) ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish hamda tanlov doirasida о‘tkaziladigan sinov tadbirlarini Internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida kuzatishni nazarda tutuvchi tartib joriy etilishi belgilandi.
2021 yil 1 oktabrdan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida mavjud shtat birliklari doirasida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yо‘lga qо‘yilishi, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar tо‘qnashuviga yо‘l qо‘ymaslik hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish choralarini kо‘rish uchun mas’ul hisoblanishi qayd etildi.
Shuningdek, Qarorda 2021 yil 1 dekabrga qadar daromad va mol-mulk deklaratsiyalari bо‘yicha ma’lumotlar bazasini shakllantirish, ularni qayta ishlash va tekshirishning elektron axborot tizimini yaratish, shuningdek, 2022 yil davomida uni soliq, bojxona, davlat kadastri va boshqa tegishli organlar ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilish choralarini kо‘rish, 2022 yil 1 yanvarga qadar mutasaddi vazirlik va idoralarning axborot tizimlari va ma’lumotlar bazasi bilan Elektron hukumatning idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmog‘i orqali integratsiyalashgan Korrupsiyaviy xavflarni baholash elektron tizimini ishga tushirish belgilangan.