О‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish bо‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar

          Mustaqillik yillarida mamlakatimizda davlat va jamiyat qurilishining о‘ziga xos modelini yaratishga qaratilgan keng kо‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Jamiyatni yangilash va demokratlashtirish, mamlakatni modernizatsiya va isloh etish, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy-ma’naviy sohalarni rivojlantirish borasidagi islohotlar jarayoni bugun ham davom etib kelmoqda.

          Bunday yangi demokratik shart-sharoitlar davlat hokimiyati va boshqaruvining samaradorligini oshirish, fuqarolik jamiyati qurilishi tamoyillari va asoslariga mos tarzda boshqaruvni amalga oshirishni taqozo etadi. Ayniqsa, rahbar va boshqaruv xodimlari mas’uliyatini oshirish masalasi muhim ahamiyat kasb etadi.

          Ma’lumki, jinoyatchilik jamiyatimiz taraqqiyotiga, oldimizga qо‘ygan ezgu maqsadlarga erishish yо‘liga jiddiy tо‘siq bо‘layotgan noxush kо‘rinishlardan biridir. Zimmalariga jamiyatda qonun ustivorligini, ijtimoiy adolatni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini, mulkni, tabiiy muhitni muhofaza qilish, shuningdek jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarni Konstitusiya va qonunlarga rioya etish ruhida tarbiyalash kabi yuksak mas’uliyat yuklangan shaxslar tomonidan amaldagi qonunlarni nazar pisand etmaslik, о‘z shaxsiy manfaatlarini jamiyat manfaatlaridan ustun qо‘yilishi mutlaqo murosa qilib bо‘lmaydigan holdir. Davlat apparatining normal faoliyatiga qarshi qaratilgan bunday ijtimoiy xavfli qilmishlar jamiyatning ravnaqiga jiddiy putur yetkazadi, unga nisbatan ishonchsizlikni keltirib chiqaradi.

          Korrupsiya amalga oshirilayotgan islohotlarga qarshilik kо‘rsatish ifodasidir. Unda о‘z umrini yashab bо‘lgan, yangi iqtisodiy munosabatlarni о‘ziga qarshi tahdid deb bilgan holda ularning rivojlanishini sekinlashtirib qо‘yishga harakat qiladigan ma’muriy buyruqbozlik tizimi bilan “xufyona” iqtisodiyotning manfaatlari obyektiv ravishda birlashib ketadi. Korrupsiya domiga ilingan amaldorlar shaxsiy boylik orttirish maqsadlarini va
urug‘-aymoqlarning manfaatlarini davlat manfaatlaridan ustun qо‘yadi. Bu esa mamlakatning siyosiy va iqtisodiy yо‘liga hamda aholining aksariyat qismiga tuzatib bо‘lmaydigan zarar yetkazadi”.

          Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri” asarida fuqarolik jamiyatini qurishda tо‘g‘anoq bо‘ladigan muammolardan biri korrupsiyadir deb qayd etgan. Bozor iqtisodiyoti tizimi kushandasi, davlatlar о‘rtasida ikki va kо‘p tomonlama hamkorlik, biznes hamda investitsiya rivojida shafqatsiz tо‘siq ham ayni shu korrupsiya hisoblanadi. Har yili о‘nlab qо‘shma korxonalarning ochilishi va yopilishi zamirida ana shu “kо‘rinmas qо‘llar” yotadi. Korrupsiya darajasi yuqorilashgan davlatga chet el investitsiyasini kiritish kamayib borayotganining asl sabablarini ham shu xavfli illatdan izlash lozimga о‘xshaydi.

Poraxо‘rlik va korrupsiya о‘zbek jamiyatining rivojlanishiga, xususan, demokratik yangilanish hamda modernizatsiyalash jarayoniga har jihatdan xalaqit bermoqda. Garchi, bu masala uzoq yillardan beri ta’kidlanib, “qо‘lga tushgan” amaldorlar televideniye va matbuotda namoyish etilganiga qaramasdan, sud, prokuratura va boshqa idora rahbarlari hamda oddiy fuqarolarning qon-qoniga singib ketgan feodalizm sarqitlari, ta’magirlik, byurokratiya jamiyatimiz hayotidan yо‘qolib ketmayapti.

          Korrupsiya, birinchidan, jamiyatda adolatsizlik, tengsizlik va aholining noroziligiga olib keladi, bu esa barcha sohadagi islohotlarning natijasiga salbiy ta’sir etmay qolmaydi; ikkinchidan, fuqarolarimizda huquqiy ong hamda huquqiy madaniyatning yetarli darajada emasligi, о‘z haq-huquqini himoya qila olmasligi jamiyatda adolat mezonining buzilishini kо‘paytiradi; uchinchidan, siyosiy institutlar, jamoat tashkilotlari shaklan demokratik mezon, g‘arb andozasiga о‘xshasa-da, mazmun-mohiyatiga kо‘ra, zamon talabidan orqada qolmoqda, bu kamchilik esa oldinga siljishimizga xalaqit beradi.

          Jamiyatda ustuvor soha – ta’lim tizimida tahsil oladigan о‘smirlar, yoshlar ongida tolerantlikni uyg‘otish muammosi oldimizda kо‘ndalang turibdi. “Jamiyatda poraxо‘rlik illatini yengib bо‘lmaydi”, degan fikr yoshlar ongida shakllanib qolgani eng katta kamchiligimiz.

          Bu borada о‘nglanish, siljish qilmasak, millatimiz obrо‘siga korrupsiya illati soya solib turaveradi. Toki, biz oilada, bog‘chada, maktabda о‘g‘il-qizlarimiz ongiga, ruhiyatiga ta’magirlik, poraxо‘rlik yomon illatgina emas, balki u jamiyatimiz tanazzuli, iqtisodiyotimiz orqaga ketishi sababi ekanligi haqida kо‘proq tarbiyaviy va targ‘ibot ishlarini olib bormasak maqsad-muddaoga erisha olishimiz qiyin.

          Korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar orasida poraxо‘rlik eng ijtimoiy xavfli hisoblanadi. Sababi, poraxо‘rlik jinoyatlari davlat apparati negizini ichidan yemirilishi xavfini vujudga keltiradi.

          Poraxо‘rlik о‘z ichiga bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bо‘lgan uchta jinoyat tarkiblarini qamrab oladi: pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilish.

Bu turdagi jinoyatlarning ijtimoiy xavfliligi quyidagilar bilan belgilanadi:

-davlat organi yoki boshqa tashkiliy tuzilmalarning samarali faoliyat olib borishiga tо‘sqinlik qiladi;

-boshqaruv apparatini obrо‘sizlantiradi;

-fuqarolarning huquq va erkinliklariga putur yetkazadi;

-davlatning boshqa xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik munosabatlarida ishonchsizlik tug‘diradi;

-pirovard natijada davlatning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy hayotini izdan chiqaradi;

-korrupsiyaning rivojlanishi davlatning milliy xavfsizligiga tahdid soladi;

Poraxо‘rlik jinoyatlari orasida eng jirkanch va xavflisi pora olish jinoyati bо‘lib, pora olish deganda mansabdor shaxsning о‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bо‘lgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini kо‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan yoki vositachi orqali qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy naf kо‘rishi tushuniladi.

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, ayniqsa, mansabdorlar tomonidan sodir etilayotgan poraxо‘rlik jinoyatlarining oldini olish va ularni fosh etish borasida muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

         2008 yil 7 iyulda О‘zbekiston Respublikasining “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga (Nyu-York, 2003 yil 31 oktabr) О‘zbekiston Respublikasining qо‘shilishi tо‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilingan va bu Konvensiya О‘zbekiston Respublikasi uchun 2008 yil 28 avgustdan kuchga kirgan. 2010 yilda О‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘ining Istambul harakat dasturiga qо‘shildi. Sо‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan bir qator muhim normativ-huquqiy hujjatlar, jumladan Byudjet va Bojxona kodekslari (yangi tahrirda), “Huquqbuzarliklar profilaktikasi tо‘g‘risida”gi, “Ijtimoiy sheriklik tо‘g‘risida”gi, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi tо‘g‘risida”gi, “Tezkor-qidiruv faoliyati tо‘g‘risida”gi, “Elektron hukumat tо‘g‘risida”gi, “Ichki ishlar organlari tо‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. 

         2014 yil 14 maydagi “О‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga о‘zgartirish va qо‘shimchalar kiritish tо‘g‘risida”gi Qonuni asosida Jinoyat kodeksining 211 va 212-moddalari (ya’ni pora berish hamda pora olish-berishda vositachilik qilish)ga kiritilgan о‘zgartish va qо‘shimchalar ham bu toifali jinoyatlarga qarshi kurashning samaradorligini oshirishga xizmat qilishi, shubhasiz.

         Bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida 2017 yil 3 yanvar kuni О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev “Korrupsiyaga qarshi kurash tо‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi va qonun 2017 yil 4 yanvardan kuchga kirdi.

Qonun korrupsiyaga qarshi kurash sohasida davlat siyosatining asosiy yо‘nalishlarini keltirib о‘tadi. Bu Qonun korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish maqsadida ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda qabul qilinganligini ta’kidlash zarur.

         Endi korrupsiya, ya’ni poraxо‘rlik, mansabdan foydalangan holda qonunni suiste’mol qilish, tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik asosida davlat tashkilotlarida ish tashkil qilib, iste’dodli kadrlarning о‘sishiga tо‘siq bо‘lish, jismoniy hamda yuridik shaxslarning davlat tomonidan qonun bilan kafolatlangan holda berilgan huquqlarini buzish, о‘z vazifasi bо‘yicha belgilangan majburiyatlarini bajarishni paysalga solib, ta’magirlik qilish kabi holatlarda bunday qabihliklarni amalga oshirganlar uchun davlatning qat’iy jazosi muqarrarligi aniq-ravshan belgilandi.

         Qonun korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni tо‘liq qonuniy tartibga solishga, davlat organlari, tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga, shuningdek korrupsiyani ijtimoiy hayotning barcha sohalaridan tо‘liq bartaraf etishga, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish orqali jamiyatda korrupsiyaning har qanday kо‘rinishlariga toqat qilmaslik muhitini yaratishga qaratilgan.

          Qonun korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari hamda bu boradagi davlat siyosatining muhim yо‘nalishlari, vakolatli organlar tizimi, fuqarolar о‘zini о‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning mazkur sohadagi ishtiroki, shuningdek xalqaro hamkorlik mustahkamlab qо‘yilgan. 

         Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi subyektlarning faoliyati muvofiqlashtirilishini ta’minlash va hamkorligini kuchaytirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish bо‘yicha respublika idoralararo komissiyasini tuzilgan va uning tarkibiga tadbirkorlar jamoat birlashmalarining hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining vakillarini kiritish nazarda tutilgan.

          Shunday qilib, qonunning amalga kiritilishi fuqarolar huquq va erkinliklari himoya qilinishini ta’minlashning qо‘shimcha huquqiy kafolatlarini yaratadi, xususiy mulk huquqiga g‘ayriqonuniy tajovuzlarni, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga asossiz aralashuvlarni cheklashga kо‘maklashadi va natijada ishchanlik faolligi о‘sishiga hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi oshishiga olib keladi.

          Muxtasar aytganda, korrupsiya – taraqqiyot kushandasi, xavfsizlikka tahdid tug‘diruvchi xavfli jinoyat. Bu illatga qarshi kurashish tegishli organlarninggina emas, barchaning ishi bо‘lishi zarur.



Qashqadaryo viloyat ma’muriy

sudining raisi                                                                                   X.Muxammedov