Odam savdosi – inson erkinligiga tahdid

    

      Odam savdosining butun insoniyatga xavf solayotgan global muammo ekanini bugun kо‘pchilik yaxshi biladi. Uning turlari, shakllari va odamlarni tuzoqqa tushirishda ishlatiladigan usullari haqida matbuotda bot-bot ma’lumot berib kelinayotganiga qaramay, ushbu uyushgan transmilliy jinoyat kо‘lami kundan-kunga kengayib, uning domiga tortilayotganlar soni kо‘payib bormoqda.

      Xalqaro mehnat tashkilotining ma’lumotlariga kо‘ra 2012 yili 20,9 mln. nafar odam majburiy mehnat va shahvoniy ekspluatatsiya qurboni bо‘lgan. Bu Avstraliya aholisi soniga teng degani.

      «Walk Free Foundation» tashkiloti tomonidan 2014 yili e’lon qilingan «Global qullik indeksi» («Global Slavery Index»)da odam savdosi qurbonlari soni yanada о‘sgani qayd etiladi. Unga kо‘ra mazkur raqam 35,8 mln.ni tashkil etadi.

      Odam savdosi oqibatida insonlar tovarga aylanadilar. YA’ni ular sotib olinishi yoki sotib yuborilishi, hatto hadya qilinishi ham mumkin. Mazkur uyushgan transmilliy jinoyat majburiy mehnat, shahvoniy xizmatlarga majburlash, inson a’zolarini transplantant qilish, chaqaloqlarni sotish, insonlarni tilanchilikka majburlash, majburiy nikoh va reproduktiv vazifalar ekspluatatsiyasi (sun’iy onalik, majburiy bola tug‘ish), yollanma askarlik kabi kо‘rinishlarda namoyon bо‘ladi.

      Aksariyat hollarda ayollar va bolalar, aholining ijtimoiy kam ta’minlangan qatlami vakillari odam savdosining qurboniga aylanayapti. Ayrim davlatlarning iqtisodiy taraqqiyotida katta tafovut mavjudligi, odamlarni mehnatga majburlash va arzon ishchi kuchini jalb etish orqali xarajatlarni kamaytirish hamda foydani kо‘paytirishga intilish, gender tengsizlik muammosi insoniyat uchun sharmandali bо‘lgan ushbu jinoyatning avj olishiga sabab bо‘lmoqda.

      Odam savdosi jinoyati allaqachon global «sanoat»ga aylanib ulgurgan. Mazkur «biznes» orqali olinadigan milliardlab noqonuniy daromad salmog‘i ham yildan-yilga ortib bormoqda. Xalqaro mehnat tashkilotining ma’lumotlariga kо‘ra 2014 yili majburiy mehnat orqali qо‘lga kiritilgan daromad 150 mlrd. AQSH dollarini tashkil etgan. Buning eng kо‘p qismi Osiyo mamlakatlari (51,8 mlrd. AQSH dollari) hamda Osiyoga tutash iqtisodiyoti taraqqiy etgan davlatlar (46,9 mlrd. AQSH dollari) hissasiga tо‘g‘ri kelmoqda.

      Odam savdosi jabrdiydalari insonning har qanday huquq va qadr-qimmatidan mahrum bо‘lib, ulardan taxminan 70 foizi majburiy mehnat, 20 foizi esa shahvoniy quldorlik ulushiga tо‘g‘ri keladi. BMT giyohvandlik moddalari va jinoyatchilik bо‘yicha boshqarmasining sо‘nggi ma’lumotlariga kо‘ra odam savdosi 124 mamlakat hududida uchragan, uning jabrdiydalari 152 davlat fuqarolari hisoblanadi.

       Yuqorida ta’kidlanganidek, odam savdosi transmilliy xarakterdagi jinoyatdir. Jabrlanuvchilar asosan о‘z yurtidan boshqa davlatlarga tranzit qilish va chegaralardan о‘tkazish orqali pullanadi. Mazkur jinoiy faoliyat bir mamlakat hududida boshlanib, boshqa mamlakat hududida tugashi yoki bir necha davlat hududida sodir bо‘lishi mumkin. Shu bois odam savdosiga qarshi faqat bir davlat yoki mintaqa mamlakatlari kurash olib borgani bilan maqsadga erishib bо‘lmaydi. Bu illatga barham berishda keng miqyosli hamkorlik talab etiladi. Shu sababdan ham keyingi yillarda ushbu masala BMT faoliyatining yetakchi yо‘nalishlaridan biriga aylandi.

      2010 yil 30 iyulda BMTning Bosh Assambleyasi 64/293-rezolyusiyasi bilan Odam savdosiga qarshi kurashish bо‘yicha BMTning Global harakat dasturining qabul qilinishi odam savdosiga qarshi kurashni xalqaro miqyosda yangi bosqichga olib chiqdi. Mazkur harakat dasturida ushbu jinoyatning oldini olish, jabrdiydalarning himoyasi, jinoyatchilarni ta’qib etish va barcha yо‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlash bо‘yicha chora-tadbirlar kо‘zda tutilgan.

      Bundan tashqari, 2000 yili BMT «Odam savdosining, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda unga chek qо‘yish va uning uchun jazolash haqida»gi protokol (uni «Palermo protokoli» ham deb atashadi)ni qabul qildi. Bugungi kunda 166 mamlakat mazkur xalqaro huquqiy hujjatda belgilangan majburiyatlarni bajarib kelmoqda. Palermo protokoli dunyoning turli davlatlarida odam savdosiga qarshi kurash borasida yagona yondashuv ishlab chiqilishiga yordamlashish, mazkur jinoiy faoliyatga qarshi xalqaro miqyosda birgalikda kurashish, tergov va sud qilishga yordamlashishga qaratilgan. Protokol, shuningdek, odam savdosi jabrdiydalarini himoya qilish va qо‘llab-quvvatlashga yо‘naltirilgan. Mazkur xalqaro huquqiy akt BMTning Odam savdosiga qarshi kurashish bо‘yicha global harakat dasturiga tayanadi.

      2013 yili Bosh Assambleya Global harakat dasturining qay tarzda amalga oshirilayotganini baholash maqsadida yuqori darajadagi uchrashuvni tashkil etdi. Unda a’zo mamlakatlar tomonidan A/RES/68/192-rezolyusiya qabul qilindi. Ushbu hujjatning 5-bandiga muvofiq odam savdosi jabrdiydalari holati tо‘g‘risidagi xabardorlikni oshirish, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda rag‘batlantirish zarurati munosabati bilan 2014 yildan boshlab 30 iyul «Jahon odam savdosiga qarshi kurash kuni» deb e’lon qilindi. Ushbu sana, mana uch yildirki, BMTga a’zo mamlakatlar, ushbu tashkilot tizimidagi muassasalar, boshqa xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan keng nishonlanmoqda.

      BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Jahon odam savdosiga qarshi kurash kuni munosabati bilan yо‘llagan murojaatida butun jahon hamjamiyatini barcha uchun adolat va qadr-qimmatni ta’minlash maqsadida odam savdosiga qarshi kurashish bо‘yicha bor kuch-g‘ayratni birlashtirishga da’vat etdi.

      Shuni alohida ta’kidlash kerakki, о‘tgan yillar mobaynida respublikamizda odam savdosining oqibatlarini chuqur anglagan holda unga qarshi kurashish, yurtdoshlarimizni mazkur jinoyat qurboniga aylanib qolishdan asrash, undan jabr kо‘rganlarga huquqiy, ijtimoiy, tibbiy va psixologik yordam kо‘rsatish bо‘yicha keng kо‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Kezi kelganda, mamlakatimizda ushbu sohada katta tajriba tо‘planganini, bu borada hatto ayrim rivojlangan davlatlardan ham ilgarilab ketganimizni ta’kidlash joiz. Shu yilning 26 aprelida poytaxtimizda bо‘lib о‘tgan «Odam savdosiga qarshi kurashish: О‘zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot» mavzusidagi xalqaro konferensiyada qatnashgan xalqaro ekspertlar ham О‘zbekistonning mazkur sohadagi tajribasini e’tirof etishdi.

      Odam savdosiga qarshi kurashish bо‘yicha respublika idoralararo komissiyasi, Bosh prokuratura va Inson huquqlari bо‘yicha О‘zbekiston Respublikasi milliy markazi tomonidan Xalqaro migratsiya tashkilotining Markaziy Osiyo bо‘yicha hududiy koordinatori bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbirda Avstriya, Albaniya, Janubiy Koreya, Isroil va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar, yurtimizda faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari, prokuratura hamda IIV organlari, vazirlik, idora, fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining mas’ul xodimlari ishtirok etishdi. Mazkur nufuzli anjumanda О‘zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish ahvoli va bu borada kо‘rilayotgan choralar xususida ma’lumot berildi. Xalqaro ekspertlarning Avstriya, Albaniya, Janubiy Koreya, Isroil davlatlarida odam savdosiga qarshi kurashish tizimi, Xalqaro migratsiya tashkilotining mazkur global muammoga qarshi kurashishdagi о‘rniga bag‘ishlangan ma’ruzalari tinglandi. Shu bilan birga, xorijlik mehmonlarga О‘zbekiston Respublikasi tomonidan amalga oshirilayotgan choralar, xalqaro huquqiy hujjatlarda belgilangan majburiyatlarning ijrosi, sohaga oid qonunchilik bazasining yaratilgani yuzasidan batafsil tushuntirib berildi.

      Muxtasar qilib aytganda, mamlakatimizda odam savdosiga qarshi kurashish masalasiga davlat siyosatining ustuvor yо‘nalishlaridan biri sifatida e’tibor qaratilayotgani bu boradagi yutuqlarning bosh omili bо‘lmoqda. Biroq xotirjamlikka berilmasligimiz kerak. Zero, ogohlik zaruratini his etgan holda har tomonlama kurash olib borsakkina yurtimizda bu illatning payini qirqqan bо‘lamiz.

 

Qashqadaryo viloyat ma’muriy

sudining sudyasi                                                              Baxrom Narmuratov