Ayollar va bolalarga nisbatan sodir etiladigan zо‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan xalqaro va milliy qonunchilik

        Bugungi kunda xotin-qizlarni zо‘ravonlikdan himoya qilish borasida jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zо‘ravonlikka doir murosasizlik muhitini yaratish uchun chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mamlakatimizda xotin-qizlarni zо‘ravonlikdan himoya qilishga oid bir qator xalqaro hujjatlar ratifikatsiya qilindi. Inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda shaxsni zо‘ravonliklardan, shu jumladan, oilada sodir etiladigan jinoiy zо‘ravonliklardan himoya qilish mexanizmi mustahkamlab qо‘yilgan. Inson huquqlari bо‘yicha umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar bо‘yicha xalqaro kelishuv hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bо‘yicha xalqaro kelishuv oilani jamiyat asosidagi guruh deb tan oladi hamda shaxsni oiladagi zо‘ravonliklardan himoya qiladi.

        Bular qatoriga Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasi (1948 yil), Ta’lim sohasida kamsitishga qarshi kurash tо‘g‘risida Konvensiya (1960 y), Fuqarolik va siyosiy huquqlar tо‘g‘risidagi Xalqaro Pakt (1966 y), Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar tо‘g‘risida Xalqaro pakt (1966 y), Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish tо‘g‘risidagi konvensiya (1979 y), Pekin deklaratsiyasi va Xarakatlar Platformasi (1995 y), Bola huquqlari tо‘g‘risida Konvensiya (1989 y) kiradi.

        Inson huquqlari bо‘yicha xalqaro qonunchilik barcha ishtirokchi davlatlar uchun, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlarining xodimlari uchun majburiy hisoblanadi.

        Milliy qonunchiligimizda ham inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, uning hayoti, sog‘lig‘i, qadr-qimmati va boshqa qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari ustuvorlik kasb etadi. Xususan, О‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 26-moddasida: “Hech kimning qiynoqqa solinishi, zо‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas“, deb qayd etilgan.

        Sо‘nggi yillarda qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, ilgari “yopiq” bо‘lgan zо‘ravonlik mavzusini keng yoritish imkonini berdi. О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 martdagi PQ-4235-sonli “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qо‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar tо‘g‘risida“gi Qarori, О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyundagi PQ-3808-sonli “О‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash tо‘g‘risida“gi Qarori,  О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 iyuldagi PQ-3827-sonli “Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zо‘rlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida“gi Qarori, О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil  11 fevraldagi “Yetim bolalar va ota-onasi qaramog‘idan mahrum bо‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida”gi PQ–4185-son qarori, О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 4 yanvardagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zо‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida“gi 3-son Qarori va boshqa hujjatlardan iborat.

        О‘zbekiston Respublikasi “Xotin-qizlarni tazyiq va zо‘ravonlikdan himoya qilish tо‘g‘risida“ Qonunining maqsadi xotin-qizlarni tazyiq va zо‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. О‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 14-moddasida nikoh tuzish ixtiyoriyligi, 19-moddasida esa, er va xotin oilada teng huquqlardan foydalanishi va ular teng majburiyatlarga ega ekanligi qayd etilgan. 79-moddasida esa, ota-onalik huquqini suiiste’mol qilsa, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bо‘lsa, jumladan jismoniy kuch ishlatsa yoki ruhiy ta’sir kо‘rsatsa о‘z bolalarining hayoti yoki sog‘lig‘iga yoxud eri (xotini)ning hayoti yoki sog‘lig‘iga qarshi qasddan jinoyat sodir qilgan bо‘lsa, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkinligi belgilangan. О‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik tо‘g‘risidagi kodeksida zо‘ravonlikning turlari uchun javobgarlik belgilovchi normalar mavjud. Zо‘ravonlik yо‘li bilan sodir etiladigan jinoiy qilmishlar amaldagi Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida belgilangan jazolarni qо‘llash tahdidi bilan taqiqlangan.

 

Qarshi tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi L.Zayniddinova